Andijon viloyati — Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat [2]. Fargʻona vodiysining sharqiy qismida joylashgan. 1941-yil 6-martda tashkil etilgan. Maydoni 4,27 ming km². Aholisi 3 420 000 kishi (2024-yil 1-Iyun holatiga). Andijon viloyatida 2 ta viloyatga bo‘ysinuvchi shahar, 14 tuman, 11 ta tumanga bo‘ysinuvchi shaharlar, 79 ta shaharchalar, 455 ta Qishloq aholi punktlari bor (2024 yil holatiga). Markazi — Andijon shahri.
Andijon viloyati yer yuzasi asosan tekislik. Hozirgi relyefi va yer yuzasidagi jinslar toʻrtlamchi geologik davrning katta-kichik daryolari va irmoqlarining faoliyatidan hosil boʻlgan. Viloyatning gʻarbiy qismi qirli tekislik (bal. 400-500 m), sharqi (Andijon shahridan sharda) Fargʻona va Oloy tizmalarining tarmoqlaridan iborat. Andijon viloyati geologik aktiv zonada joylashgan, kuchli zilzilalar boʻlib turadi (qarang Andijon zilzilasi). Iqlimi keskin kontinental, quruq. Togʻ tizmalari Fargʻona vodiysini sovuq havoning kirib kelishidan toʻsib turganligi uchun qishda Andijon viloyatida ob-havo birmuncha barqaror. Yozi issiq, iyulning oʻrtacha temperaturasi 27,3°, qishi nisbatan sovuq, yanvarning oʻrtacha temperaturasi −3°. Vegetatsiya davri 217 kun. Yiliga 200 — 250-mm yogʻin tushadi. Av Oʻzbekistonning boshqa viloyatlariga nisbatan suv resurslariga boy. Daryolari yogʻindan, togʻlardagi koʻp yillik qor va muzliklardan suv oladi. Asosiy daryosi — Qoradaryo (Sirdaryo irmoqlaridan biri). Uning irmoqlari — Moylisuv, Oqboʻra, Aravonsoy va boshqa Av. daryolarining suvi sugʻorish uchun ishlatiladi. Tuproqlari boʻz, qoʻngʻir, oʻtloqi, oʻtloqi-botqoq tuproqlar, qumtosh, mergel, less va chaqirtoshlardan iborat. Bahorda adirlar efemer oʻsimliklar bilan qoplanadi. Av.ning ekin ekilmaydigan tekislik qismida shuvoq-shoʻra oʻsimliklari, togʻ yon bagʻirlarida pista, bodom oʻsadi. Yovvoyi hayvonlar (buri, tulki, qobon va boshqalar) kam uchraydi; sudraluvchilar, kemiruvchilar, qushlar, suv havzalarida baliqlar bor.