Toshkent – Oʻzbekistonning poytaxti va eng yirik shahri boʻlib, aholisi boʻyicha Markaziy Osiyodagi eng yirik qadimiy shaharlardan biri hisoblanadi. Oʻzbekistonning shimoli-sharqiy qismida, Qozogʻiston bilan chegaraga yaqin qismda joylashgan boʻlib, maydoni 631.29 km2 ni tashkil etadi. 2024-yilning 1-iyulidagi maʼlumotlarga koʻra, Toshkent aholisi 3 075 000 nafar kishini (Oʻzbekiston aholisining qariyb 9 foizi) tashkil etadi[2]. 2024-yilning birinchi kvartal maʼlumotlarga koʻra, Toshkent shahrining YIMi $25 milliardni tashkil etadi va bu koʻrsatkich Oʻzbekistondagi eng katta YIMga ega shahar boʻlib kelmoqda
Toshkent 2200-yildan ortiq tarixga ega[10]. Bu davr ichida u mudofaa devori bilan oʻralgan qalʼadan jahondagi yirik shaharlardan biri, Oʻzbekiston Respublikasining poytaxtigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtdi. Asrlar davomida shahar oʻzining tinch hayotidagi muhim voqealarni va suronli jangu jadallarni, yuksalish va inqiroz davrlarini boshidan kechirdi. Necha bor shahar vayron boʻlib, qayta qad koʻtardi. Toshkent oʻrnidan necha bor siljib, nomi xam bir necha marta oʻzgardi. Xoja Ahror Valiy, Shayx Umar Bogʻistoniy, Abu Bakr Shoshiy, Abu Sulaymon Banokatiy, Hofiz Koʻhakiy kabi buyuk allomalar shu hududda yashab, ijod etganlar.